Akramov Abdulla Bahodir o‘g‘li
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobotni tuzish va uning tahlilini takomillashtirish», 08.00.08 – “Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Iqt1330.
Ilmiy rahbar: Alikulov Abdimo‘min Ismatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Axmedjanov Karimjon Bakidjanovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Dusmuratov Rajabboy Davletboevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
II. Tadqiqotning maqsadi xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobotni tuzish va uning tahlilini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hisoblanadi.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
moliyaviy hisobot tuzilgan sanadan keyingi hodisalar ta’sirida buxgalteriya hisobida sodir bo‘ladigan muomalalarni aks ettirish uchun 6610-«Oddiy aksiyalar bo‘yicha to‘lanadigan dividendlar», 6620-«Imtiyozli aksiyalar bo‘yicha to‘lanadigan dividendlar», 8540-«Imtiyozli aksiyalar bo‘yicha to‘lanadigan dividendlar rezervi» ishchi schetlarini ochish taklif etilgan;
«Moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisobot»ni vertikal balans-netto shaklida tuzish maqsadida «Ishchi transformatsiya jadvali»ga 090-«Asosiy kapitalga investisiyalar», 271-«Kechiktirilgan soliq aktivlari», 450-«Jamg‘arilgan zararlar» satrlarini kiritish taklif etilgan;
xususiy kapitalni moliyaviy hisobot elementi sifatida xalqaro standartlarga transformatsiya qilish maqsadida 8300-«Aksiyadorlik (pay) kapitali», 8400-«Emission (daromad) kapitali» ishchi schetlarini kiritish zarurligi asoslangan va ularning o‘zaro korrespondensiyasi taklif qilingan;
kimyo sanoati korxonalarining sof aktivlari qiymatiga kredit foizlari, inflyasiya, soliq yuki va baho kabi omillar ta’siri asosida 2025 yilgacha bo‘lgan prognozi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobotni tuzish va uning tahlilini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflari asosida:
moliyaviy hisobot tuzilgan sanadan keyingi hodisalar ta’sirida buxgalteriya hisobida sodir bo‘ladigan muomalalarni aks ettirish uchun 6610-«Oddiy aksiyalar bo‘yicha to‘lanadigan dividendlar», 6620-«Imtiyozli aksiyalar bo‘yicha to‘lanadigan dividendlar», 8540-«Imtiyozli aksiyalar bo‘yicha to‘lanadigan dividendlar rezervi» ishchi schetlarini ochish taklifi «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatining 2021 yil dividend siyosatini ishlab chiqishda foydalanilgan («O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatining 2022 yil 17 maydagi 22-1983-son ma’lumotnomasi). Natijada, aksiyadorlarga bo‘lgan qisqa muddatli qarzdorlik to‘liq va davriy ravishda hisobga olib borilgan, ularga imtiyozli aksiyalar bo‘yicha kafolatli dividend to‘lashga imkoniyat yaratilgan va dividend to‘lash muomalalari tartibga solingan;
«Moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisobot»ni vertikal balans-netto shaklida tuzish maqsadida «Ishchi transformatsiya jadvali»ga 090-«Asosiy kapitalga investisiyalar», 271-«Kechiktirilgan soliq aktivlari», 450-«Jamg‘arilgan zararlar» satrlarini kiritish taklifi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining 2021 yil hisob siyosatini ishlab chiqishda foydalanilgan («O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining 2022 yil 27 sentyabrdagi 01-05-34/3546-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, hisob xodimlarining ish vaqti, qog‘oz va elektr energiya sarfi qisqargan, ortiqcha jadvallar tuzish va rasmiyatchilikning oldi olingan, shuningdek, transformatsiya jadvallari moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga o‘tkazishda AKTda qayta ishlashga imkoniyat yaratgan;
xususiy kapitalni moliyaviy hisobot elementi sifatida xalqaro standartlarga transformatsiya qilish maqsadida 8300-«Aksiyadorlik (pay) kapitali», 8400-«Emission (daromad) kapitali» ishchi schetlarini kiritish zarurligi asoslangan va ularning o‘zaro korrespondensiyasi bo‘yicha taklifi «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatining 2021 yil dividend siyosatini shakllantirishda qo‘llanilgan («Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatining 2022 yil 10 maydagi 50/05-134-son ma’lumotnomasi). Natijada, xususiy kapitalning dastlabki va analitik hisobi takomillashgan, qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali aksiyadorlik jamiyatining investision faolligini oshirishga imkoniyat yaratilgan;
kimyo sanoati korxonalarining sof aktivlari qiymatiga kredit foizlari, inflyasiya, soliq yuki va baho kabi omillar ta’siri tahlili asosida 2025 yilgacha bo‘lgan prognozi «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati va «GLOBAL KOMSCO DAEWOO» mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasining 2021 yil hisob siyosatini ishlab chiqishda foydalanilgan («O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatining 2022 yil 17 maydagi 22-1983-son va «GLOBAL KOMSCO DAEWOO» mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasining 2022 yil 10 maydagi 18/AA-son ma’lumotnomalari). Buning natijasida, korxonaning sof aktivlari qiymati omillar ta’sirida 2025 yilning yakunida 154 397 226,4 ming so‘m (2020 yilga nisbatan 143,2 foiz)ga o‘sishi prognoz ma’lumotlari asosida aniqlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish