Murodov Kamoliddin Nuritdinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Erkin kurashda maxsus trenajyorlar va mashqlardan foydalanish asosida kurashchilarning kuch chidamliligini rivojlantirish texnologiyasi”, 13.00.04 – Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Ped2337.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, DSc.03/30.12.2019.Ped.28.01.
Ilmiy rahbar: Bakiev Zafar Abdushukurovich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Rasmiy opponentlar: Yugay Lev Pavlovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Aliev Iskandar Baxramovich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi malakali erkin kurashchilarning jismoniy tayyorgarligi jarayonida maxsus trenajyorlar va mashqlardan foydalanish asosida kurashchilarning kuch chidamliligini rivojlantirish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
malakali erkin kurashchilarning kuch chidamliligini dinamik va statik rejimda mushaklar tarangligini saqlab turuvchi harakatlarga yo‘naltirilgan “ZK” sport uskunasidan foydalanib har bir mashqning ko‘rsatayotgan absolyut kuchi va og‘irlikni ushlab turishiga qarab sportchilarning kuch chidamliligini aniqlash imkoniyatlari kengaytirilgan;
erkin kurashchilarning tayyorgarlik darajasidan kelib chiqib stato-dinamik kuchini va maxsus chidamlilikni uyg‘unlikda rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlarda (Super-sett) mashqlar majmuasidan foydalanish bilan “Zanjir” uslubida mashqlarni juftlikda bajartirish hisobiga sportchilarning kuch chidamliligini rivojlantirish imkoniyati oshirilgan;
erkin kurashchilarning mashg‘ulotlarida tik turgan holatda shtangani yuqoriga ko‘tarish kabi jismoniy mashqlarni takror va maksimal bajarishga asoslangan hamda mushaklarda maksimal toliqishni yuzaga keltirishga qaratilgan “Chegara” uslubini ishlab chiqish evaziga sportchilarning texnik tayyorgarligi va kuch chidamliligini yuqori darajada ushlab turish imkoniyati kengaytirilgan;
erkin kurashda hujum va qarshi hujum harakatlarini takomillashtirishda barqarorlik va maksimal qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan «PUSH» sport uskunasida qo‘llarni oldinga aylantirish mashqlarni mashg‘ulot jarayoniga kiritish evaziga bellashuv vaqtida elkadan va beldan oshirib tashlash usullarini bajarish imkoniyati kengaytirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Malakali erkin kurashchilarning kuch chidamliligini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan tajribalar asosida:
malakali erkin kurashchilarning kuch chidamliligini dinamik va statik rejimda mushaklar tarangligini saqlab turuvchi harakatlarga yo‘naltirilgan va rivojlantirish integratsiyasini ko‘rsatib beruvchi “ZK sport uskunasi” yordamida sportchilarning kuch chidamliligini aniqlash bo‘yicha takliflar Respublika Olimpiya zahiralari kolleji malakali erkin kurashchilarning mashg‘ulot jarayonlariga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021 yil 2 dekabrdagi 03-17-02-11253-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot yakunida tajriba guruhi kurashchilarining musobaqa faoliyati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha 7 ta ko‘rsatkich 18%ga yaxshilangan;
erkin kurashchilarning tayyorgarlik darajasidan kelib chiqib stato-dinamik kuchini va maxsus chidamlilikni uyg‘unlikda rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar uchun aylanma mashg‘ulotda (Super-sett) mashqlar majmuasidan “Zanjir” uslubida foydalanish bo‘yicha takliflar Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji malakali erkin kurashchilar mashg‘ulotlariga tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021 yil 2 dekabrdagi 03-17-02-11253-son ma’lumotnomasi). Natijada malakali erkin kurashchilarning kuch sifati 14% ga yaxshilashgan;
erkin kurashchilarning bellashuv vaqtida tik turgan holatda shtangani bilaklarga ko‘tarish kabi jismoniy harakatlarni takror bajarishga asoslangan hamda mushaklarda maksimal toliqishni yuzaga keltirishga qaratilgan “Chegara” uslubini qo‘llash bo‘yicha takliflar Bektemir tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi malakali erkin kurashchilar mashg‘ulotlariga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport vazirligining 2021 yil 2 dekabrdagi 03-17-02-11253-son ma’lumotnomasi). Natijada malakali erkin kurashchilarning chidamlililik sifati 15% ga yaxshilashgan;
erkin kurashda raqib hujumlarini bartaraf etish va qarshi hujum harakatlarini takomillashtirishda barqarorlik va maksimal qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan «PUSH» sport uskunasida mashqlarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar «Yakka kurash va uni o‘qitish uslubiyati» nomli o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022 yil 17 martdagi 106-son buyrug‘i, 106-012-raqamli guvohnoma). Natijada tadqiqot yakunida tajriba guruhi kurashchilarining musobaqa faoliyati, kuch chidamliligi va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha 5 ta ko‘rsatkich 18%ga yaxshilangan.