Ollaberganov Mardon Ismailovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Rezeksiyadan keyingi eksperimental osteoporozda suyak to‘qimasining morfofunksional o‘zgarishlari va uni «Kal`siy-D3 Nikomed» preparati bilan korreksiyalash» 14.00.02 – Morfologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib834.
Ilmiy rahbar: Ruzibaev Rashid Yusupovich, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Oripov Firdavs Sur’atovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Raxmatova Muqaddas Xoltaevna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: eksperimental sharoitda kalamushlarning oshqozoni Bil`rot-II jarrohlik usuli bilan rezeksiya qilinganidan keyin suyak to‘qimasidagi o‘zgarishlarni baholash va uni korreksiyalashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tajriba sharoitida oshqozon rezeksiyasidan keyin 30-60-90 kunli osteoporoz modelida gastroduodenal sohadagi anatomik o‘zgarishlar ta’sirida moddalar almashinuvining biokimyoviy jarayonlar buzilishi natijasida kalamushlar tana og‘irligining me’yordan keskin kamayishi isbotlangan;
tajriba sharoitida oshqozon rezeksiyasidan keyin kal`siy va fosforning so‘rilishi buzilishi oqibatida kalamushlarning qonida ularning miqdori kamayishi natijasidagi ishqoriy fosfataza miqdorinining keskin oshishi va suyak to‘qimasining rezorbsiyalanishi osteoporoz rivojlanishining asosi ekanligi aniqlangan;
tajriba sharoitida oshqozon rezeksiyasidan keyin uzun naysimon suyaklarning osteometrik o‘lchami va osteoblastlar miqdorining kamayishi, osteoklastlar miqdorining oshishi, birlamchi osteonlarning ikkilamchi osteonlarga aylanish jarayonlari sekinlashishi, turli darajadagi kal`sifikatsiyalanish jarayonlarining mozaik joylashishi, rezorbsion bo‘shliqlar kuzatilishi tufayli osteoporoz rivojlanishi isbotlangan;
oshqozon rezeksiyasidan keyin «Kal`siy glyukonat»ga nisbatan «Kal`siy-D3 Nikomed» dori vositasidan foydalanish suyaklar mineral zichligi pasayishining oldini olishga kuchliroq ta’sir qilishi va tibbiy reabilitatsiya samaradorligini oshirishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Eksperimental sharoitda kalamushlarning oshqozoni Bil`rot-II jarrohlik usuli bilan rezeksiya qilinganidan keyin suyak to‘qimasidagi o‘zgarishlarni aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
eksperimental sharoitda Bil`rot-II usulida oshqozon rezeksiyasidan keyingi osteoporoz va uni «Kal`siy-D3 Nikomed» dori vositasi bilan korreksiyalash, uzun naysimon suyaklarning morfologik va morfometrik o‘zgarishlarini baholash bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan «Postgastrorezeksion osteoporoz va uni davolash usullari» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 25 fevraldagi 8n-z/104-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma oshqozon rezeksiyasidan keyingi kechki davrda ikkilamchi osteoporoz kelib chiqishi, uzun naysimon suyaklardagi morfologik va morfometrik o‘zgarishlarni tashxislash, kasallikni oldini olish imkonini bergan;
oshqozon rezeksiyasidan keyingi osteoporozda qon zardobidagi biokimyoviy o‘zgarishlarni, uzun naysimon suyaklarning morfologik va morfometrik o‘zgarishlarini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Xorazm viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Urganch shahar 3-son shahar oilaviy poliklinikasi amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 6 iyuldagi 08-19617-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi oshqozon rezeksiyasidan keyingi kechki davrda ikkilamchi osteoporoz tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan suyaklarning sinishlarini oldini olish hamda uning oqibatidagi nogironlik ko‘rsatkichlarini kamaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish