Baxramova Farangiz Nuriddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Surunkali gastroduodenit fonida surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitni davolash samaradorligini oshirish», 14.00.21-Stomatologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Tib1726.
Ilmiy rahbar: Kamilov Xaydar Pazilovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat stomatologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat stomatologiya instituti DSc.28.12.2017.Tib. 59.01.
Rasmiy opponentlar: Lukina Galina Il`xamovna, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); Gulyamov Sur’at Saidvalievich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Boshqartiston davlat tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: surunkali gastroduodenit bilan kasallangan bemorlarda fotodinamik muolajalardan foydalangan holda surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitni kompleks davolashni qo‘llashning maqsadga muvofiqligini asoslash va samaradorligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor surunkali gastroduodenitda surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatit rivojlanishi bilan qondagi antistreptolizin ko‘rsatkichlarining o‘zaro bog‘liqligi, streptokokk infeksiyasining bevosita ishtirokini tasdiqlash bilan isbotlangan;
og‘iz bo‘shlig‘idagi aftoz stomatit yarasi surunkali infeksiya o‘chog‘iga aylanib, oshqozon ichak tizimi a’zolari faoliyatining yomonlashuviga xamda ularda surunkali kasalliklarning kuchayishiga olib kelishi o‘zaro bog‘liqligi isbotlangan;
fotodinamoterapiyasining bilvosita ta’siri ostida zararlangan to‘qimalardagi patogen(Strep. mutans, Staph. aureus, candida) mikroflorani nobud bo‘lishi va leykotsitlarning kamayishi oqibatida og‘iz bo‘shlig‘i gigienik xolatini aniqlovchi indekslarining me’yorlashuvi aniqlangan;
ilk bor qizil spektrli lazer diod nurlari orqali fotodinamoterapiya tizimini og‘iz shilliq pardasida afta jarayoniga patogenetik ijobiy ta’sir etishi bilan og‘iz shilliq pardasida regenerativ-epitelizatsiya jarayonlarining faollashuvi aniqlangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitni tashhislash va davolash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
surunkali gastroduodenit fonida surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitni davolash samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan “Surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitni tashhislashda yallig‘lanish markerlarining o‘rni va ahamiyati” uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 29 sentyabrdagi 8n-r/850-son ma’lumotnomasi). Uslubiy tavsiyanoma surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitni tashhislashda antistreptolizinning tutgan o‘rni va ahamiyatini asoslashga imkon bergan.
surunkali gastroduodeniti bor bemorlarda surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitni fotodinamoterapiya yordamida davolash samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan “Surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitni kompleks davolashda fotodinamik muolaja” uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 29 sentyabrdagi 8n-r/849-son ma’lumotnomasi). Uslubiy tavsiyanoma fotodinamik muolaja yordamida surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitni davolash samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
surunkali takrorlanuvchi aftoz stomatitni tashhislash va davolashda olingan natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, xususan, Yakkasaroy va Yangihayot tumanlari tibbiyot birlashmalari klinik amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 28 noyabrdagi 8n-d/387-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning klinik amaliyotga joriy etilishi surunkali gastroduadeniti bor bemorlarda kechadigan surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitni qisqa muddat ichida davolash, qaytalanishlar sonini kamaytirish va remissi davrining uzayishiga erishishga imkon yaratgan.