Boyquziev Ilxom Mardanoqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Kriptotahlil usullarining Kuznechik shifrlash algoritmiga nisbatan qo‘llanilishi», 05.01.05 – Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot xavfsizligi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/FM618.
Ilmiy rahbar: Abduraximov Baxtiyor Fayzievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK Faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.FM.01.02.
Rasmiy opponentlar: To‘ychiev G‘ulom No‘monovich, fizika-matematika fanlari doktori; Kur`yazov Davlatyor Matyakubovich, fizika-matematika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: «UNICON.UZ» DUK - Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Kuznechik simmetrik shifrlash algoritmini bardoshligini integral va algebraik kriptotahlil usullari yordamida baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Kuznechik simmetrik shifrlash algoritmining L akslantirishini ifodalovchi chiziqli tenglamalar hosil qilish muammosi chekli maydonda sonlarni ko‘paytirishni ifodalovchi tenglamalar yordamida hal qilingan;
Kuznechik simmetrik shifrlash algoritmining kriptobardoshliligi algebraik kriptotahlil usuli yordamida noma’lumlarning sonini kamaytirish imkonini bergan tenglamalarni shifrlash va deshifrlash yo‘nalishida shakllantirish orqali baholangan;
Kuznechik simmetrik shifrlash algoritmining kriptobardoshliligi integral kriptotahlil usuli yordamida bir bayti aktiv bo‘lgan ochiq matnlar to‘plamidan foydalanib baholangan;
uch raundli Kuznechik simmetrik shifrlash algoritmiga integral kriptotahlil usulini qo‘llab shifrlash jarayonida foydalanilgan raund kalitlarini aniqlash algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Kuznechik shifrlash algoritmiga algebraik va integral kriptotahlili usullarining qo‘llanilishi va algoritmning bardoshliligini baholashda olingan natijalar asosida:
dissertatsiya ishining ilmiy va nazariy ma’lumotlaridan hamda kriptografik algoritmlarning bardoshligini integral va algebraik kriptotahlil usullari yordamida baholash bo‘yicha tavsiyalardan, simmetrik shifrlash algoritmining akslantirishlari uchun chiziqli tenglamalarni shakllantirish muammosi echimi, algebraik kriptotahlilni amalga oshirishda foydalanilgan yondashuv, algebraik va integral kriptotahlil usullarini Kuznechik shifrlash algoritmiga qo‘llash echimlaridan «UNICON.UZ» DUKda olib borilayotgan “Kriptografik algoritmlar yaratish” loyihasida kriptotahlil usullarini tahlil qilishda foydalanilgan («UNICON.UZ» DUK - Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazining 2022 yil 31 martdagi 5-3/483-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi «UNICON.UZ» DUKda milliy himoyalangan tizimlarda foydalanilayotgan shifrlash algoritmlari bardoshligini baholash, shifrlash algoritmini algebraik ifodalashda noma’lumlar sonini kamaytirish, loyiha doirasida olib borilayotgan chiziqli va algebraik kriptotahlil usullarini amalga oshirish jarayonida shifrlash algoritmlarini ifodalovchi tenglamalarni shakllantirish imkonini bergan;
dissertatsiya ishida olingan Kuznechik simmetrik shifrlash algoritmining o‘quv varianti bardoshliligini kriptotahlil usullari yordamida baholash hamda Kuznechik simmetrik shifrlash algoritmining bardoshliligi integral va algebraik kriptotahlil usullari yordamida baholash natijalaridan va Kuznechik simmetrik shifrlash algoritmining o‘quv varianti bardoshliligini kriptotahlil usullari yordamida baholash bo‘yicha yondashuv F706-17-raqamli «Axborot tizimlarida biometrik – kriptografik texnologiyalar qo‘llanilishining tadqiqi» loyihasida ma’lumotlarni kriptografik himoyalash algoritmlarini tanlash va kriptobardoshliligini baholashda foydalanilgan (Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATUning 2022 yil 1 apreldagi 968/15-01-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi ma’lumotlarni kriptografik himoyalash algoritmlarini tanlash va kriptobardoshliligini baholash, simmetrik blokli shifrlash algoritmlari akslantirishlarining integral va algebraik xususiyatlarini aniqlash imkonini bergan.