Xidoyatova Muxlisa Raxmatillaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «COVID-19 bilan kasallangan komorbid holatli bemorlarda kardio-respirator monitoring va reabilitatsiya choralarini ishlab chiqish», 14.00.05 – Ichki kasalliklar va 14.00.25 – Klinik-laborator va funksional diagnostika (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.DSc/Tib534.
Ilmiy maslahatchilar: Kayumov Ulugbek Karimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Inoyatova Feruza Xidoyatovna, biologiya fanlari doktori professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi DSc 04/30.12.2019.Tib 30.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Karimov Ma’ruf Shakirovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Tadjiev Botir Mirxashimovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Aripov Orifjon Abdumalikovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: COVID-19 da kardio-respirator tizim zararlanish xususiyatlarini va unga komorbid holatlar ta’sirini aniqlash, tashxislash, boshqarish va erta reabilitatsiya choralarini takomillashtirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
miokarddagi kech repolyarizatsiya (Tr-Te) va sistola dispersiyasi (QTd) jarayonlarining uzayishi negizida COVID-19 pnevmoniyasi, yurak qon-tomir kasalliklari va qandli diabetning o‘zaro og‘irlashtiruvchi ta’siri asoslangan;
moslashtirilgan exokardiografiya protokollari asosida o‘ng qorincha funksiyasi, o‘pka gipertenziyasi ko‘rsatkichlarini va yurak indeksini aniqlash, kasallikning kechishini samarali kuzatish imkonini berishda va spesifik davolashni belgilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi aniqlangan;
semizlik negizida yurak qon-tomir kasalliklari bor bemorlarda COVID-19 ning og‘ir kechishi va miokardning struktur hamda funksional holatining yanada chuqur buzilishi bilan qonda IL6 va D-dimerning yuqori darajasi orasidagi bog‘liqlik aniqlangan;
anamnezida yurak qon-tomir kasalliklari bo‘lmagan COVID-19 li bemorlarning autopsiya materiallarida koronar tomirlarda va miokardda morfologik o‘zgarishlardan miokardit, endotelit, panvaskulit va perivaskulit rivojlanishi aniqlangan;
YuIK bilan og‘rigan, COVID-19 ni o‘tkazgan bemorlarda yurak ritm buzilishiga olib keluvchi past sirkad indeksi va tunda simpatik nerv tizimi giperfaolligi aniqlangan;
COVID-19 dan keyin YuIK ning noturg‘un kechish xavfini ortishi Com – antigen, HbA1c, neytrofillar, S-reaktiv oqsilini yuqori darajasi va 3 yoki undan ko‘p marta past dozalarda qondagi D vitaminini pasayishi bilan bog‘liqligi (determinatsiya koeffisienti r=0,705) asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
COVID-19 ning o‘tkir va reabilitatsiya davrida, bemorlarda yurak disfunksiyasini boshqarish va tashxislash protokollarini muvofiqlashtirish bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
Koronavirus infeksiyasida yurak qon-tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarni tashxislash natijalari asosida ishlab chiqilgan “COVID-19 da yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarni tashxislash va olib borish algoritmlari” mavzusi bo‘yicha uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 8 noyabrdagi 8 n-z/712-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma diagnostika xizmatini tashkil etish sifatini va yurak-qon tomir kasalliklari negizida COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash samaradorligini oshirish imkonini bergan;
COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarda yurak diastolik funksiyasini tekshiruvi natijalari asosida ishlab chiqilgan “COVID-19 da yurakning erta diastolik funksiyasining buzilishini tashhislash” uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 8 noyabrdagi 8 n-z/712-son ma’lumotnomasi). Ushbu uslubiy tavsiyanoma COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda miokard disfunksiyasining erta namoyon bo‘lishini, o‘z vaqtida tashxislash va davolashning to‘g‘ri taktikasini tanlash imkonini bergan;
COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda yurak faoliyati buzilishi diagnostikasi bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotning olingan ilmiy natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Respublika ixtisoslashtirilgan koronavirus infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan Zangiota №1 va Zangiota №2 shifoxonalari, Navoiy viloyati Nurota shahar markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi amaliyotiga tadbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 9 iyundagi № 08-16333 ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarini sog‘liqni saqlash amaliyotiga tatbiq etilishi tashxislash xizmatini tashkil qilishni muvfiqlashtirish va yurak-qon tomir kasalliklari negizida COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni olib borish va davolash protokollarini takomillashtirish imkonini bergan.