Maxpieva Guldonaxon Qobiljonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi ximoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Semiz bolalarda bronxial astmaning oldini olish va tashxisotini takomillashtirish», 14.00.09-Pediatriya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yhatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tib1171.
Ilmiy rahbar: Shamsiev Furqat Muxitdinovich, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon Davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand Davlat tibbiyot universtiteti, PhD. 04/30.12.2019.Tib. 102.01.
Rasmiy opponentlar: Sharipov Rustam Xaitovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Mirraximova Maktuba Xabibullaevna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bronxial astmali bolalarda semizlikni uchrash darajasini, xavf omillarini aniqlash va klinik-funksional ko‘rsatkichlari, laboratoriya parametrlari dinamikasini o‘rganish orqali oldini olishga qaratilgan kompleks yondashuvlar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor bronxial astma bilan kasallangan bolalarda semizlikning rivojlanish xavf omillari, uchrash chastotasi, peri- va postnatal omillarning nojo‘ya kechishi, irsiy moyillik sababli, hamroh somatik patologiyaning o‘ta yuqori ko‘rsatkichda 51,5% uchrashi aniqlangan;
bronxial astma bilan kasallangan semiz bolalarda metabolik o‘zgarishlarni uchrashi lipoproteidlar darajasi, glyukozaga tolerantlik testining o‘zgarishi natijasida kardiovaskulyar va nafas olish tizimida buzilishlarga olib kelishi asoslangan;
semizlik bilan bronxial astma kuzatilgan bolalarda D vitaminining bioximik ko‘rsatkichlariga ta’sirining patogenetik ahamiyati aniqlangan;
ilk bor qon zardobidagi D vitamini miqdori va biokimyoviy holatini hisobga olgan holda semizlik bilan bronxial astma kuzatilgan bolalarda patogenetik jihatdan asoslangan muqobil profilaktika usullari: kam kaloriyali parxez, engil jismoniy yuklamalar, vitamin-mineral kompleksni qo‘llash orqali takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Semiz bolalarda bronxial astmanining oldini olish va tashxisoti takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
semiz bolalarda BAning klinik va diagnostik xususiyatlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan “Semiz bolalarda bronxial astmaning klinik va diagnostik xususiyatlari” nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 2 iyuldagi 8n-r/607-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma semiz bolalarda BA ni o‘z vaqtida aniqlash, kasallikning klinik kechishi, biokimyoviy va funksional ko‘rsatkichlarni yaxshilash orqali kasallik qaytalanish darajasini kamaytirishga imkonini bergan;
semiz bolalarda bronxial astmaning profilaktik tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan “Semiz bolalarda bronxial astma profilaktik tadbirlarining zamonaviy metodlari” nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 9 dekabrdagi 8n-r/1189-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma diagnostik va profilaktik chora-tadbirlarni takomillashtirishga va kasallikning nojo‘ya ta’sirini oldini olish imkonini bergan;
semiz bolalarda bronxial astmaning klinik- diagnostik xususiyatlari va profilaktik tadbirlarni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Jizzax, Andijon viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari va Andijon viloyatining Boston hamda Asaka tuman tibbiyot birlashmalarining klinik amaliyotiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 30 dekabrdagi 8n-z/575-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga tadbiq etilishi, ushbu kasallikka chalingan bolalarda kasallikning zo‘rayish darajasini ikki barobar kamaytirish, bolalar hayot sifatini yaxshilash va shu orqali iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkonini bergan.