Hasanov Mansur Yusup o‘g‘li
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Taqsimlangan ishlab chiqarish manbalarini elektr tarmoqlariga optimal integratsiyalash usullarini takomillashtirish”, 05.05.02 – “Elektrotexnika. Elektr energiya stansiyalari, tizimlari. Elektrotexnik majmualar va qurilmalar” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/T3168.
Ilmiy rahbarlar: Gayibov Tulkin Shernazarovich, texnika fanlari doktori, professor. Salah Kamel, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti va Jizzax politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/2025.28.11.T.02.01.
Rasmiy opponentlar: Taslimov Abduraxim Dexkanovich, texnika fanlari doktori, professor; Sattarov Xurshid Abdishukurovich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: taqsimlangan ishlab chiqarish manbalari va akkumlyator batareyalarini integratsiyalagan holda taqsimlovchi elektr tarmog‘ini optimallashtirish uchun samarali model, usul va algoritmlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
taqsimlangan ishlab chiqarish manbalarini optimal integratsiyalash va tarmoqni qayta konfiguratsiyalashni hisobga olib, quvvat isrofi sezgirligi indeksi va Geometrik o‘rtacha algoritmi asosida elektr tarmoqlarini optimallashtirishning matematik modeli hamda quvvat isroflari va kuchlanish og‘ishini minimallashtirish usuli ishlab chiqilgan;
quyosh va shamol energiyasi asosidagi taqsimlangan ishlab chiqarish manbalari hamda akkumulyator batareyalarini elektr tarmoqlariga cheklovchi va ta’sir etuvchi faktorlarni hisobga olib, optimal integratsiyalashning matematik modeli va algoritmi taklif etilgan;
taqsimlangan ishlab chiqarish manbalari va akkumulyator batareyasining kombinatsiyasini hisobga olib, ularning optimal quvvati hamda sig‘imini aniqlashning matematik modeli aktiv energiya isroflarini minimallashtirish mezoni asosida ishlab chiqilgan;
taqsimlangan ishlab chiqarish manbalari va akkumulyator batareyasi integratsiyalangan elektr tarmoqlarini kapital, ishlatish va CO₂ emissiyasi bilan bog‘liq xarajatlarni hisobga olib, Sun’iy ekotizim algoritmi yordamida optimallashtirishning matematik modeli hamda uni echish usuli taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Taqsimlangan ishlab chiqarish manbalari va akkumulyator batareyasi qurilmalarini optimal integratsiyalash asosida taqsimlovchi elektr tarmoqlarini optimallashtirishning matematik modellari va usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
taqsimlangan ishlab chiqarish manbalari hamda akkumulyator batareyalarini optimal integratsiyalashning matematik modeli “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filialiga qarashli “Achchi” fiderida umumiy ishlatish xarajatlarini minimallashtirish uchun joriy qilingan (“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2024 yil 24 sentyabrdagi 01-05-20/452-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, quvvat iste’moli grafigini hisobga olish va energiya isroflarini minimallashtirish hisobiga bir yillik elektr energiyasi iste’moli bilan bog‘liq xarajatlarni 2,86 % gacha kamaytirish imkoniyati yaratilgan;
taqsimlangan ishlab chiqarish manbalari va akkumulyator batareyasi integratsiyalangan elektr tarmoqlarini optimallashtirishning matematik modeli “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filialiga qarashli “Achchi” fiderini optimallashtirishga joriy etilgan (“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2024 yil 24 sentyabrdagi 01-05-20/452-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, taqsimlangan ishlab chiqarish manbalarini optimal integratsiyalash hisobiga erishiluvchi yillik iqtisodiy samaradorlik 112,73 mln so‘mni tashkil etgan.