OAK sayti » Yangiliklar » “Intellektual yoshlar – fan va ta’lim” mavzusida bo‘lib o‘tgan anjuman to‘g‘risida
 
28 may 2014

“Intellektual yoshlar – fan va ta’lim” mavzusida bo‘lib o‘tgan anjuman to‘g‘risida

Kategoriya: Yangiliklar, Matbuot

“Intellektual yoshlar – fan va ta’lim” mavzusida bo‘lib o‘tgan  anjuman to‘g‘risida

 

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 6 fevraldagi PQ-2124-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida 2014 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi” va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 11 fevraldagi 32-son majlis bayoni bilan tasdiqlangan harakat rejasining 75-bandiga muvofiq  joriy yilning 22 may kuni Namangan muhandislik-texnologiya institutida  “Intellektual yoshlar – fan va ta’lim” mavzusida seminar-uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Anjumanda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining barcha oliy ta’lim muassasalari vakillari – yosh olimlar, katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar, mustaqil tadqiqotchilar, iqtidorli talabalar hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va ularni attesattsiyadan o‘tkazish tizimining mutasaddilari, jami qariyb 80 nafar kishi ishtirok etdi.

    Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Bosh ilmiy kotibi A.Daminov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF–4456-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 365-son Qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga oid taqdimot bilan ishtirok etdi. U o‘z ma’ruzasida amalga oshirilayotgan barcha tadbirlar Respublikamizda yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa iqtidorli yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yanada kengaytirishga yo‘naltirilgan izchil siyosatning yorqin dalili ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

    Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakili F.Raximov hamda Fanlar akademiyasining Yosh olimlar kengashi a’zosi Sh.Islomovlar ham ishtirok etdilar va ma’ruza qildilar.

    Uchrashuv doirasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimi hamda ilm-fan sohasida yosh olimlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar berildi.