OAK sayti » Yangiliklar » O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini nashr qilish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida
 
02 yan 2014

O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini nashr qilish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida

Kategoriya: Yangiliklar

O‘zR OLIY ATTESTATSIYA KOMISSIYASI

RAYOSATINING QARORI

 

 

2013 yil 30 dekabr

201/3

Toshkent sh.

 

   O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini nashr qilish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida

 

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi PF-4456-son «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi 365-son «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va mazkur qaror bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi to‘g‘risidagi nizom»da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan OAK tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

   Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi 365-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi to‘g‘risida nizom»da OAKga doktorlik dissertatsiyalarining asosiy ilmiy natijalarini e’lon qilish uchun tavsiya etiladigan etakchi ilmiy jurnallar va nashrlar, shu jumladan elektron ilmiy-texnik jurnallar ro‘yxatlarini belgilash yuklatilgan. Bu, o‘z navbatida, attestatsiya organlari faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, ortiqcha byurokratik holatlarni bartaraf etish hamda olingan asosiy ilmiy natijalar bilan keng ilmiy jamoatchilikni tanishtirish va ularni aprobatsiyadan o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

   Bu borada OAK tomonidan Rayosat a’zolari, ekspert kengashlari, shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda etakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarini jalb qilgan holda tegishli me’yoriy va uslubiy-tashkiliy tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, “Doktorlik dissertatsiyalarining asosiy ilmiy natijalari e’lon qilinishi lozim bo‘lgan respublika va xorijiy mamlakatlarning nufuzli ixtisoslashgan ilmiy jurnallarini OAK ro‘yxatiga kiritish uchun talablar" ishlab chiqildi va OAK Rayosatining tegishli qarori bilan tasdiqlandi (11.04.2013y., №197/3); mavjud ilmiy nashrlar tanqidiy jihatdan o‘rganilib, ularning ixtisoslashuvi, nashr etilgan materiallarni taqriz qilish holati, maqolalarning sifati va boshqa masalalarning tahlili asosida tegishli takliflar ishlab chiqilib, muhokamasi uyushtirildi.

  Tasdiqlashga taklif etilgan mazkur "O‘zbekiston Respublikasi OAKning doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini nashr qilish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxati” (Ro‘yxat) quyidagilar bilan xususiyatlanadi:

   birinchidan, salohiyatli tadqiqotlar asosida olingan raqobatbardosh ilmiy natijalarni nashr qilish va nashr ishlari sifatini tubdan yaxshilash maqsadida Ro‘yxatga yuksak ilmiy saviyaga ega bo‘lgan milliy va xorijiy etakchi ilmiy bosma va elektron nashrlar kiritilgan;

   ikkinchidan, olingan ilmiy natijalarni jahonda tan olingan nufuzli ilmiy nashrlar vositasida aprobatsiya qilish ishlarini kengaytirish va ilmiy daraja talabgorlariga keng imkoniyat yaratib berish maqsadida “Impakt-faktor”ga ega ilmiy nashr (jurnal)larda chop etilgan maqolalarni Ro‘yxatga kiritilgan ilmiy nashrlarda chop etilgan ilmiy maqolalar sifatida qabul qilinishi e’tiborga olingan;

   uchinchidan, nashr ishlari sifatini tubdan yaxshilash va izlanuvchilarning nashr ishlaridagi faolligini yanada oshirish maqsadida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nashriyotlarda tahriri amalga oshirilib, chop etilgan materiallarni Ro‘yxatga kiritilgan ilmiy nashrlarda chop etilgan ilmiy maqolalar sifatida qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan;

   to‘rtinchidan, Ro‘yxatga muayyan fan tarmoqlari (ixtisosliklar guruhi, ixtisosliklar), mintaqalar (Evropa, Amerika, Osiyo, MDH), shuningdek, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari kesimida tizimli yondashilib, unda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan.

 

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi PF-4456-son «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi 365-son «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalari bilan keng ilmiy jamoatchilikni tanishtirish, olingan natijalarni aprobatsiyadan o‘tkazish, ilmiy sohadagi kooperatsiyani yanada chuqurlashtirish, shuningdek, ortiqcha byurokratik holatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda attestatsiya organlari faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida

 

O‘zR OAK Rayosati qaror qiladi:

 

  1. Doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini nashr qilish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatini shakllantirish yuzasidan OAK Rayosati a’zolari va apparati mas’ul xodimlari, ekspert kengashlari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar hamda etakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasalari tomonidan amalga oshirilgan tadbirlar ma’lumot uchun qabul qilinsin.
  2. “O‘zbekiston Respublikasi OAKning doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini nashr qilish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxati” (Ro‘yxat)ning respublika nashrlari ro‘yxati 1-ilovaga va muayyan fan tarmoqlari yuksak darajada rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ixtisoslashgan ilmiy jurnallari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2014 yilning 1 yanvaridan boshlab amaliyotga joriy qilinsin.
  3. CHop etilgan vaqtda “Impakt-faktor”ga ega ilmiy nashr (jurnal)larda nashr etilgan maqolalar Ro‘yxat tarkibiga kiritilgan ilmiy nashrlarda chop etilgan ilmiy maqolalar sifatida qabul qilinsin.
  4. Vakolatli davlat organi tomonidan o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan nashriyotda tahriri amalga oshirilgan va uning tamg‘asi asosida nashr etilgan, hajmi olti bosma taboqdan kam bo‘lmagan monografiya Ro‘yxatga kiritilgan milliy nashrlarda chop etilgan ilmiy maqola sifatida qabul qilinsin.
  5. O‘zbekiston Respublikasi OAK Rayosatining dissertatsiyalar ilmiy natijalarini nashr qilish tavsiya etilgan ilmiy jurnallar ro‘yxatini tasdiqlashga oid avvalgi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin. Ushbuda mazkur ro‘yxatga kiritilgan jurnallarning 2013 yil oxirgi sonigacha chop etilgan maqolalar e’tiborga olinsin.
  6. Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar, attestatsiya organlari, shuningdek, vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xamda oliy ta’lim va ilmiy-tadkikot muassasalalari oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha o‘z faoliyatlarida mazkur qarorga 2014 yilning 1 yanvaridan boshlab qat’iyan amal qilishni ta’minlasinlar.

 

 

                                      Rais                                                                       G.A.Baxadirov

 

                                      Bosh ilmiy kotib                                                          A.D.Daminov