OAK sayti » Yangiliklar » ILMIY VA IJODIY FAOLLIK E’TIROFI
 
04 dek 2013

ILMIY VA IJODIY FAOLLIK E’TIROFI

Kategoriya: Yangiliklar

 

ILMIY VA IJODIY FAOLLIK E’TIROFI

   

Mamlakatimizda barcha jabhalarda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tezkor, xolis va haqqoniy yoritish, xalqimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirish, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, jamiyatimizda demokratik qadriyatlarning mustahkam qaror topishida ommaviy axborot vositalarining ahamiyati beqiyosdir. SHu bois sohada faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlar, yosh tadqiqotchi va olimlar mehnatini e’zozlash, ularning samarali ijod qilishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sohani rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va fundamental tadqiqotlar, shuningdek, mutaxassislarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida qo‘llanilayotgan pedagogik texnologiyalar o‘zining ilk natijasini bermoqda. Zamonaviy talablarga to‘liq javob bera oladigan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirgan va etakchi xorijiy tillarni puxta egallagan jurnalistlar safi tobora kengayib bormoqda.

2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi markaziy kengashi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda “Jurnalistika – ijodiy fan” mavzuida tanlov o‘tkazildi.

Undan ko‘zlangan maqsad jurnalistika va axborot sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning ilmiy asoslarini yanada takomillashtirish, yuksak saviyada ilmiy-amaliy faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarni rag‘batlantirish, sohaning nazariy va amaliy yo‘nalishlarini rivojlantirish, jurnalistlar va talabalarda ilmiy va ijodiy salohiyatni shakllantirish hamda soha kadrlarining malakasi va mahoratini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Ushbu tanlovga jurnalistika va axborot sohalarida 2012-2013 yillarda nashr etilgan ilmiy asarlar, o‘quv-uslubiy adabiyotlar, ilmiy-tahliliy maqolalar, magistrlik dissertatsiyalari va boshqa tegishli materiallar 2013 yilning 1 noyabrigacha tashkiliy qo‘mita tomonidan qabul qilindi.

Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kunining 21 yilligi arafasida Oliy attestatsiya komissiyasi va hamkor tashkilotlar tomonidan taqdirlandilar. Joriy yilning 4 dekabrida Oliy attestatsiya komissiyasida mazkur tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zR VM huzuridagi OAK raisi, “Jurnalistika – ijodiy fan” tanlovi Tashkiliy qo‘mitasi raisi G‘.A.Bahodirov kirish so‘zi bilan taqdirlashga bag‘ishlangan tadbirni ochib berar ekan, mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish va bu sohada etuk kadrlarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida jurnalistika fanining taraqqiyoti xususida to‘xtalib, tanlov ishtirokchilari va g‘oliblarini muborakbod etdi. SHundan keyin so‘zga chiqqan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori, prof. M.Jo‘raev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, dotsent S.Umirov, O‘zR FA bosh ilmiy kotibi B.Ibragimov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Z.Saidov, O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi markaziy kengashi a’zosi – O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi YOshlar kengashi raisi o‘rinbosari SH.Jo‘raev, “Samarqand” gazetasi bosh muharriri F.Toshev, filologiya fanlari doktori X.Do‘stmuhammedovlar mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari ishini takomillashtirish va jurnalistika fanini taraqqiy ettirish uchun juda katta imkoniyatlar yaratib berilayotganligini, ayniqsa, ushbu fan sohasida yuksak nazariy tayyorgarlikka ega bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalab, voyaga etkazishda bu kabi tanlovlar muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.

SHundan keyin mazkur tanlovning g‘olib va sovrindorlari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha taqdirlandilar:

“Jurnalistika va axborot sohalarining fundamental va ilmiy-amaliy asoslarini rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi ilmiy tadqiqot ishi” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajali diplom va rag‘batlantiruvchi mukofot bilan “Axborot – mo‘‘jiza, joziba, falsafa” monografiyasi muallifi Xurshid Do‘stmuhammedov mukofotlandi. “Kino va televidenie: kreativ ta’lim jarayoni” monografiyasi muallifi Hamidulla Akbarov esa, 2-chi darajali diplom va rag‘batlantiruvchi mukofot sovrindori bo‘ldi.

“Jurnalistika sohasida tayyorlangan eng yaxshi ilmiy asar, o‘quv-uslubiy adabiyot va ilmiy-amaliy-tahliliy maqola hamda sohaning amaliy-ijodiy yo‘nalishlari bo‘yicha material” yo‘nalishi bo‘yicha“Internet jurnalistikasining texnologik asoslari” o‘quv-qo‘llanmasi muallifi Nargis Qosimova birinchi darajali diplomga munosib topildi. 2-chi darajali diplom esa, ”Jamoatchilik bilan aloqalar va axborot xizmatlari” o‘quv qo‘llanmasi muallifi To‘lqin Eshbekovga berildi.

“OAV uchun kadrlar tayyorlash va jurnalistlarning malakasini oshirishda salmoqli yutuqlarga erishgan namunali mahorat maktabi, ijodiy markaz va o‘quv laboratoriya rahbari” yo‘nalishi bo‘yicha“Ma’rifat”gazetasi qoshida tashkil etilgan “Jurnalist mahorat markazi” rahbari, turkum maqolalar muallifi Halim Saidov birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. “Samarqand” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari qoshida tashkil etilgan “Jurnalist mahorat markazi” rahbari Farmon Toshev 2-chi darajali diplom sovrindori bo‘ldi.

SHuningdek, “Matbuotda sarlavha xususiyatlari” mavzusidagi ish muallifi Ma’mura YAkubova, Qoraqalpog‘iston internet jurnalistikasining shakllanishi va rivojlanishi xususiyatlarini keng yoritgan Qumar Begniyazova, Teleaxborot tayyorlanishi va efirga uzatilishida boshlovchining faoliyati mavzusidagi tadqiqot muallifi YUlduz Zaxidova, Matbuot integratsiyasi tamoyillari va tendensiyalari mavzusida ilmiy tadqiqot muallifi Oydin Sa’dullaeva, “Internet va informatsion terrorizm” risolasi muallifi Abdukayum Abdukadirov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jurnalistika kafedrasi mudiri D.Bekbao‘liev, “Boshlovchi jurnalist va mahorat mashaqqati” risolasi muallifi Najmiddin Ergashevlar “Jurnalistika – ijodiy fan” tanlovidagi faol ishtiroki uchun sertifikat va sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

 Tahririyat