OAK sayti » Yangiliklar » O’zbekiston Milliy matbuot markazida bo’lib o’tgan anjuman
 
14 noy 2013

O’zbekiston Milliy matbuot markazida bo’lib o’tgan anjuman

Kategoriya: Yangiliklar

      

 «Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan fan doktori ilmiy darajasini berish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar: tajriba va amaliyot» mavzusidagi matbuot anjumani to‘g‘risida

 

   Joriy yilning 14 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan 2013 yilning II yarmi uchun “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga muvofiq  O‘zbekiston Milliy matbuot markazida  «Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan fan doktori ilmiy darajasini berish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar: tajriba va amaliyot» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

 

    Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) raisi G‘.A.Baxadirovning ma’ruzasi bilan boshlandi.

 

    Ma’ruzada, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attes­tatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-4456-son Farmoniga muvofiq 2013 yilning 1 yanvaridan boshlab Respub­likamizda umum qabul qilingan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq dissertatsiya himoya qilish va fan doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimi joriy etilishi munosabati bilan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.

 

    Xususan, Farmon ijrosi yuzasidan qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillash­tirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 365-son qarori bilan “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga davlat talablari”, “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risida Nizom”, OAKning yangi tuzilmasi hamda OAK to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

 

   “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro‘yxati”ning yangi tahriri ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Oliy attestatsiya komissiyasining “Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash to‘g‘ri­si­dagi Nizom”, “Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”, “Ilmiy unvonlar berish tartibi to‘g‘ri­si­da­gi Nizom”, “Malakaviy imitihonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Ni­zom”, “Ekspert kengashi to‘g‘risidagi Nizom”lari ishlab chiqildi, tasdiq­lan­di, Adliya vazir­li­gida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va amaliyotga joriy etildi. Doktorlik dissertatsiyalari mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazib, “OAK Byulleteni” jurnalida e’lon qilish tashkil etildi. Fan doktori ilmiy daraja­siga talabgorlarning ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borish­ga layoqatini aniqlash bo‘yicha test sinovlari va malakaviy imtihonlar­ni o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

 

   Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi 40 ta ilmiy kengash tuzildi. Ulardan 31 tasi etakchi oliy ta’lim, 9 tasi esa ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida o‘z faoliyatlarini boshladilar. Doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon berilishi lozim bo‘lgan Respublika ahamiyatidagi gazetalar ro‘yxati tasdiqlandi.

 

   Anjumanda OAK tomonidan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar davlat attestatsiyasi jarayonining barcha bosqichlarida yagona yondoshuvni ta’minlash yuzasidan zarur bo‘lgan barcha amaliy choralar ko‘rilayotganligi, xususan, joriy yilning 16-18 aprel va 17-19 sentyabr kunlari attestatsiya jarayonini amalga oshirishda OAK Nizomlari talablariga qat’iy rioya etish masalalariga bag‘ishlab etakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mutasaddi xodimlari, 24 sentyabr kuni fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar faoliyatini tashkillash­tirishga bag‘ishlab mazkur kengashlar ilmiy kotiblari, 8 noyabr kuni esa talabgorlar uchun ixtisoslik fanlari bo‘yicha malakaviy imtihonlarni yuqori mas’uliyat bilan yuksak saviyada tash­kil­lashtirishga bag‘ishlab ushbu imtihonlarni qabul qilish komissiyalari rais­lari va tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirokida amaliy seminarlar o‘tkazilganligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

 

    Ma’ruzadan so‘ng OAK mutasaddilari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazishning mamlakatimizda joriy qilingan yangi tizimining turli jihatlari yuzasidan berilgan barcha savollarga batafsil javoblar berildi.

 

                                                                                                                                                                           Tahririyat