OAK sayti » Meyoriy-texnik hujjatlar » O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining o‘zga davlatlarda va o‘zga davlatlar fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasida dissertatsiya himoya qilish TARTIBI
 
19 iyul 2013

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining o‘zga davlatlarda va o‘zga davlatlar fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasida dissertatsiya himoya qilish TARTIBI

 

I. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining o‘zga davlatlarda dissertatsiya himoya qilishi uchun ruxsatnoma olish tartibi

 

1. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekiston Respublikasida bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlari asosida tayyorlangan dissertatsiya ishlarini o‘zga davlatlarda himoya qilishlari uchun belgilangan tartibda OAK ruxsatnomasi va yo‘llanmasini olishlari shart.

 

2. O‘zbekiston Respublikasida bajarilgan dissertatsiya ishlarini OAK ruxsatisiz o‘zga davlatlarda himoya qilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ilmiy daraja diplomlarini nostrifikatsiyalash (tenglashtirish) yuzasidan attestatsiya ishlari OAKga qabul qilinmaydi.

 

3. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining o‘zga davlatlarda dissertatsiya himoya qilishlari uchun OAK Kotibiyatiga (mas’ul bosh inspektoriga) OTM kengashi yoki ITM ilmiy kengashi ilmiy kotibi tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:

- talabgor ishlayotgan yoki ish bajarilgan tashkilot rahbari imzolagan yo‘llanma xat (xatda dissertatsiya ishining o‘zga davlatda himoya qilish zaruriyati va ilmiy seminarlarda dastlabki muhokamadan o‘tkazilganligi hamda OAK Nizomlari talablariga javob berishi to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilishi kerak);

- talabgor dissertatsiyasi va dissertatsiya avtoreferati;

- talabgorning malakaviy imtihonlar topshirganligi to‘g‘risida guvohnomalar;

- talabgorning ilmiy jurnallarda chop etgan maqolalari nusxalari;

- dissertatsiya ishi bajarilgan tashkilot xulosasi;

- dissertatsiya ishi dastlabki muhokamadan o‘tgan tashkilotlardagi ilmiy     seminarlar bayonnomalaridan mufassal ko‘chirmalar.

OAK zarur hollarda talabgor ishlayotgan tashkilotdan dissertatsiya ishi va boshqa hujjatlarni so‘rashi mumkin.

 

4. OAK Kotibiyati (mas’ul bosh inspektor):

- taqdim etilgan hujjatlarni OTM kengashi yoki ITM ilmiy kengashining ilmiy kotibi ishtirokida me’yoriy-texnik ekspertizadan o‘tkazadi. Taqdim etilgan hujjatlar mukammal rasmiylashtirilgan va to‘la shakllantirilgan bo‘lganida ularni qabul qilib oladi va ro‘yhatdan o‘tkazadi;

- hujjatlar bo‘yicha kamchiliklar aniqlangan hollarda, tegishli ma’lumotnoma rasmiylashtiradi va OTM kengashi yoki ITM ilmiy kengashining ilmiy kotibiga tegishli hujjatlarni qaytarib beradi. (Tegishli hujjatlar bo‘yicha ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilgach, hujjatlar qayta topshiriladi);

- hujjatlar OAK Kotibiyatda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab 3 kun ichida Tartib-qoida komissiyasiga kiritadi;

- Ekspert kengashning xulosasi asosida bir hafta ichida o‘zga davlat Oliy attestatsiya organlariga rasmiy yo‘llanma xat tayyorlaydi.

 

5. Tartib-qoida komissiyasi:

O‘zga davlatda himoya qilish uchun taqdim etilgan hujjatlarni uch kun ichida ko‘rib chiqadi, ushbu tartibning 3-bandidagi talablar bajarilganligi yuzasidan xulosa beradi va ishni Monitoring bo‘limiga topshiriadi.

 

6. Monitoring bo‘limi:

- Tartib-qoida komissiyasi taqdim etgan hujjatlarni tegishli Ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi muhokamasiga kiritadi.

- Ekspert kengashining asoslangan xulosasidan ko‘chirma va tegishli hujjatlar Ekspert kengashi majlisi o‘tkazilgandan so‘ng 3 kun ichida OAK Kotibiyatiga taqdim etiladi;

 

7. O‘zbekiston Respublikasining dissertatsiya ishini to‘la o‘zga davlatda tayyorlagan fuqarolari yuqoridagi talablardan mustasnodirlar.

 

II. O‘zga davlatlar fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasida dissertatsiya himoya qilishi tartibi

 

8. O‘zga davlatlarning fuqarolari O‘zbekiston Respublikasida dissertatsiya himoya kilishi uchun o‘z davlatlari Oliy attestatsiya organining rasmiy ruxsatnomasi (yo‘llanma xati) bilan, o‘zga davlatning Oliy attestatsiya organi bo‘lmagan hollarda tegishli vazirlik yoki tashkilotning murojaatnomasi (yo‘llanma xati) bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etishlari shart.

 

9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xatiga asosan OAK himoya qilinadigan dissertatsiya ishini ixtisosligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasidagi mavjud fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashga yo‘llaydi.

 

10. Ilmiy kengash dissertatsiya va boshqa tegishli xujjatlarni o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqadi, ular OAK Nizomlari talablariga to‘la javob bergan holda dissertatsiyani himoyaga qabul qiladi va OAK Nizomlari talablari asosida himoyani tashkil etadi hamda himoyadan so‘ng o‘rnatilgan tartibda attestatsiya ishini OAKga taqdim etadi.

 

11. O‘zga davlat fuqarosi dissertatsiyasi ixtisosligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ilmiy kengash mavjud bo‘lmagan taqdirda o‘zga davlatlar fuqarolari uchun bir martalik himoyalar uyushtirilmaydi.

 

12. O‘zbekiston Respublikasida belgilangan tartibda katta ilmiy xodim-izlanuvchi institutida o‘qib yoki mustaqil izlanuvchi sifatida O‘zbekiston Respublikasining tegishli oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasida dissertatsiya tayyorlagan o‘zga davlatlarning fuqarolari yuqoridagi talablardan mustasnodirlar.