OAK sayti » Meyoriy-texnik hujjatlar » Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi bir martalik ilmiy kengashni tuzish va uning faoliyatini tashkil etish TARTIBI
 
25 apr 2013

Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi bir martalik ilmiy kengashni tuzish va uning faoliyatini tashkil etish TARTIBI

1. Mazkur tartib OAKning «Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risidagi nizom», «Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom» asosida ishlab chiqilgan.

 

2. Dissertatsiya ishi bajarilgan tashkilot dissertatsiyani dastlabki ekspertizadan o‘tkazib, dissertatsiya ixtisosligi bo‘yicha Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash bo‘lmaganda, dissertatsiya ixtisosligiga mos yoki yaqin keluvchi ilmiy kengashga, ilmiy kengash bo‘lmagan taqdirda esa, OAKga bir martalik kengash tuzishni so‘rab murojaat qiladi

 

3. Dissertatsiya ishi bajarilgan tashkilot kengashga murojaat qilgan taqdirda kengash o‘rnatilgan tartibda dissertatsiyani dastlabki ekspertizadan o‘tkazadi va bir martalik himoya o‘tkazish zarurligi asoslangan taqdimnoma bilan OAKga murojaat etadi.

 

4. Ish bajarilgan tashkilot yoki Ilmiy kengash Bir martalik kengash tuzish bo‘yicha OAKga murojaat qilganda, OAKga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

- Bir martalik kengash tuzish haqidagi murojaatnoma;

- Ilmiy kengash tarkibiga kiritilayotgan qo‘shimcha a’zolar, ish bajarilgan tashkilotda Kengash tuzilayotganda, barcha Kengash a’zoligiga tavsiya etilayotgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumot va ob’ektiv-ma’lumotnomalar, ularning yozma roziligi va oxirgi uch yil ichida nashr etilgan ilmiy ishlari ro‘yxati;

- ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar tarkibiga qo‘shimcha a’zolarni kiritish bo‘yicha taklif, ish bajarilgan tashkilotda Ilmiy kengash tuzilayotganda, bir martalik ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar tarkibi bo‘yicha taklif;

- talabgor to‘g‘risidagi obyektiv-ma’lumotnoma;

- talabgorning oliy ta’lim muassasini bitirganligi haqidagi diplomi nusxasi;

- malakaviy imtihonlarni topshirganligi haqidagi guvohnomalar;

- ish bajarilgan tashkilotning xulosasi;

- dissertatsiya muhokama qilingan tashkilotlarning xulosalari;

- hammualliflikdagi ilmiy ishlarini dissertatsiyaga to‘la yoki qisman kiritish uchun talabgorning hammualliflarining yozma roziligi;

- dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatining qo‘lyozmalari;

- talabgorning asosiy ilmiy ishlari nusxalari.

- “OAK Byulleteni” jurnalida dissertatsiya ishi mavzusi chop etilgan sahifasi nusxasi yoki dissertatsiya mavzusi OAKda ro‘yhatdan o‘tkazilgan raqami;

- tegishli malakaviy imtihonni topshirish bo‘yicha komissiya tarkibi loyihasi.

Bir martalik ilmiy kengash tarkibiga so‘ralayotgan ixtisoslik bo‘yicha hal qiluvchi ovoz berish huquqi bilan mazkur ixtisoslikka (yaqin ixtisoslikka) tegishli fan tarmog‘ining kamida besh nafar fan doktori kiritilishi lozim.

 

5. Dissertatsiya ishi bajarilgan tashkilotning yoki kengashning murojaatnomasi asosida OAK taqdim etilgan hujjatlarni va dissertatsiyani belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazadi.

Ekspertiza natijasi ijobiy bo‘lgan taqdirda OAK bir martalik ilmiy kengash va uning qoshidagi ilmiy seminar tarkibini tuzadi, ularni tasdiqlaydi. OAK dissertatsiya ishi bo‘yicha etakchi tashkilotni va rasmiy opponentlarni tavsiya qilishi mumkin.

Ilmiy kengash tuzish mumkin bo‘lmagan hollarda, uning tarkibi dissertatsiya ixtisosligi muammolariga yaqin olim-mutahassislardan tuziladi.

 

6. Dissertatsiya ishi bo‘yicha OAK ekspert kengashining xulosasi salbiy bo‘lgan taqdirda, bir martalik kengash tuzish to‘g‘risidagi iltimosnomaga rad javobi beriladi hamda dissertatsiya ishi yuzasidan ekspert kengashi tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklar yuboriladi. Ish bajarilgan tashkilot dissertatsiya ishi yuzasidan ko‘rsatilgan kamchiliklar to‘la bartaraf etilgandan so‘ng ishni qayta ekspertizadan o‘tkazib, bir martalik kengash tuzish to‘g‘risida OAKga yoki mavjud kengashga qayta murojaat qilishi mumkin.

 

7. Bir martalik ilmiy kengash tuzish bo‘yicha OAK Rayosatining qarori qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida mazkur qaror va tegishli hujjatlar asosida bir martalik ilmiy kengash tuzish to‘g‘isidagi OAK buyrug‘i ilmiy kengashga taqdim etiladi.

 

8. Bir martalik ilmiy kengash dissertatsiyani dastlabki muhokama uchun qabul qilib olib, tegishli ishlarni OAKning amaldagi nizomlari va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablari asosida tashkil etadi.