OAK sayti » Meyoriy-texnik hujjatlar » Fan doktori diplomi va ilmiy unvonlar attestatlari (dublikatlari)ni tayyorlash, saqlash, rasmiylashtirish va berish tartibi to‘g‘risida YO‘RIQNOMA
 
05 may 2013

Fan doktori diplomi va ilmiy unvonlar attestatlari (dublikatlari)ni tayyorlash, saqlash, rasmiylashtirish va berish tartibi to‘g‘risida YO‘RIQNOMA

  O‘zbekiston Respublikasi OAKda diplom va attestatlarni saqlash, rasmiylashtirish va berish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnoma (bundan buyon yo‘riqnoma deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-4456-sonli Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 365-sonli qarori, Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 25-iyuldagi «Rasmiy davlat xujjatlarini tayyorlash, hisobga olish, saqlash, topshirish hamda ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 283-sonli qarori hamda «Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom», «Ilmiy unvonlarni berish tartibi to‘g‘risidagi nizom» asosida ishlab chiqilgan.

Umumiy qoidalar

1. Yo‘riqnoma OAKda davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom va attestatlarni tayyorlash, saqlash, rasmiylashtirish va egalariga topshirish tartibini belgilaydi.

2. Qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblangan – diplom va attestatlarni tayyorlashga buyurtma berish, ularni tayyorlash, hisobga olish, saqlash va topshirishda

Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 25-iyuldagi 283-sonli qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan «Rasmiy davlat hujjatlarini tayyorlashga buyurtma berish, ularni tayyorlash, hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi to‘g‘risida nizom»ga qat’iyan amal qilinadi.

3. OAK Raisining bo‘yrug‘i bilan diplom va attestatlarini tayyorlashni tashkil etish, saqlash, rasmiylashtirish va egalariga topshirishga mas’ul xodimlar – OAK Monitoring bo‘limi boshlig‘i, mas’ul bosh inspektor, yuridik maslahatchi va buxgalterga yuklatiladi. Ular moddiy javobgar shaxs hisoblanadi va ular bilan moddiy javobgarlik yuzasidan shartnoma tuziladi.

4. OAK Rayosatining ilmiy daraja va ilmiy unvonlarda tasdiqlash haqidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

OAK Rayosati qarorlari asosida Davlat tomonidan tasdiqlangan ilmiy daraja diplomi 20 kun va ilmiy unvonlar attestatlari bir oy muddat davomida fuqarolik pasportlariga muvofiq holda rasmiylashtiriladi.

5 Fan doktori diplomi yoki ilmiy unvonlar attestati yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, OAK tomonidan manfaatdor shaxslar arizasiga muvofiq, uning dublikati ilgari berilgan diplom yoki attestatga batamom muvofiq ravishda beriladi.

SHaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgargan taqdirda diplom yoki attestat yangisi bilan almashtirilmaydi.

Diplom va attestatlarni saqlash

6. OAK yurist maslahatchisi diplom va attestatlar blankalarini maxsus qismda seyfda saqlaydi va maxsus hisobot sifatidagi kitobni Monitoring bo‘limi boshlig‘i va buxgalter bilan birgalikda yuritadi. YUridik maslahatchi diplom va attestatlarning saqlanishiga javob beradi.

 Diplom va attestatlarni olish va rasmiylashtirishga berish

7. OAK yuridik maslahatchisi:

– diplom va attestatlar blankalarining hisobini olib borish yuzasidan maxsus kitob hamda tegishli bo‘lgan barcha xujjatlarning (dalolatnomalar, diplom va attestatlarni olish-berish varaqasi va hisobot) yig‘majildda seyfda saqlanishini ta’minlaydi;

– seyfda saqlanayotgan diplom va attestatlarni hisobini olib borish yuzasidan maxsus hisobot sifatidagi kitobni yuritadi;

- seyfda saqlanayotgan diplom va attestatlarning to‘liqligini Bosh ilmiy kotib, Monitoring bo‘limi boshlig‘i, buxgalter va mas’ul bosh inspektor bilan birgalikda tekshirib boradi (1-ilovada keltirilgan dalolatnoma asosida);

– OAK Rayosati qaroriga muvofiq 1-ilovada keltirilgan varaqa asosida diplom va attestatlarni tegishli miqdorda rasmiylashtirish uchun ularning blankalarini mas’ul bosh inspektorga topshiradi (OAK Rayosati qarori qabul qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida);

– diplom va attestatlarni rasmiylashtirish jarayonida buzilgan deb topilgan nusxalarini komissiya ishtirokida yo‘q qilishni tashkil etadi (komissiya dalolatnomasining bir nusxasi buxgalteriyada va yana bir nusxasi bo‘limida saqlanadi);

– har yilning 1-yanvar holatiga OAKda saqlanayotgan diplom va attestatlar to‘g‘risidagi solishtirma hisobotni OAK rahbariyatiga taqdim etadi. Hisobot bosh ilmiy kotib, Monitoring bo‘limi boshlig‘i, mas’ul bosh inspektor va yurist maslahatchi tomonidan imzolanadi hamda OAK raisi tomonidan tasdiqlanadi. Uning bir nusxasi Buxgalteriyada, yana bir nusxasi Monitoring bo‘limi boshlig‘ida saqlanadi.

 Diplom va attestatlarni rasmiylashtirish va egalariga topshirish

8. Diplom va attestatlarni rasmiylashtirishga mas’ul bo‘lgan bosh inspektor:

– diplom va attestatlarni rasmiylashtirish uchun blankalarni yuridik maslahatchidan, talabgorlarning pasport ma’lumotlarini Monitoring bo‘limi boshliqidan qabul qilib oladi;

– OAK Rayosati qaroriga va fuqarolik pasportiga muvofiq diplom va attestat-larning o‘zbek va ingliz tillarida kompьyuterda tayyorlab, tekshirib chiqadi;

– diplom va attestatlarning kompьyuter maketlarini tekshirish uchun Monitoring bo‘limi boshlig‘iga beradi.

 

9. Monitoring bo‘limi boshlig‘i mas’ul bosh inspektor tayyorlangan kompьyuter maketlariga kiritilgan ma’lumotlarning OAK Rayosati qaroriga, talabgorning fuqarolik pasporti ma’lumotlariga mosligi hamda o‘zbek va ingliz tillaridagi variantlarning aynanligi va to‘g‘riligini tekshirib chiqadi.

10. Monitoring bo‘limi boshlig‘i va mas’ul bosh inspektor OAK Rayosati qaroriga va talabgorning fuqarolik pasporti ma’lumotlariga muvofiq holda o‘zbek va ingliz tillarida aynan va to‘g‘rilangan matnlarni diplom va attestatlar blankalariga yozish bo‘yicha tegishli dalolatnomani imzolaydilar (2-ilova).

11. Mas’ul bosh inspektor dalolatnoma asosida diplom va attestatlarni rasmiylashtiradi hamda imzolashga taqdim etadi. Diplom va attestatlar talabgorlarga topshirish uchun tayyor bo‘lgach, mas’ul bosh inspektor OAK Rayosati qaroriga asosan fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar hamda OTM va ITMning tegishli ilmiy kotiblariga hamda fan doktori ilmiy darajasi va professor ilmiy unvoni talabgoriga habar beradi.

12. Diplom va attestatlar OAK raisi va bosh ilmiy kotibi tomonidan imzolanadi. Diplom va attestatlarga gerbli muhr bosiladi. Mahsus gerbli muhr yuridik maslahatchida, seyfda saqlanadi.

13. Fan doktori ilmiy daraja va professor ilmiy unvoni tasdiqlangan mutaxassislarga diplom va attestatlar tegishli to‘lov to‘langanligi to‘g‘risidagi moliya organi hujjati mas’ul bosh inspektorga topshirilgandan so‘ng OAK raisi tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

14. Dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlari attestatlari tegishli ilmiy kotiblarga tegishli to‘lov to‘langanligi to‘g‘risidagi moliya organi hujjati asosida mas’ul bosh inspektor tomonidan beriladi.

Mutaxassislarning notarius tomonidan tasdiqlangan ishonch qog‘ozi asosida diplom va attestatlar ishonchli shaxsni tasdiqlovchi xujjat va tegishli to‘lov to‘langanligi to‘g‘risidagi moliya organi xujjati asosida tegishli boshqa shaxsga ham berilishi mumkin.

Ushbuda mas’ul bosh inspektor tomonidan ro‘yxatga olish kitobi yuritiladi.

15. OAK qarori bilan nostrifikatsiya qilingan ilmiy daraja diplomi shu tartibda rasmiylashtiriladi va topshiriladi.

Maxsus qism

16. Diplom va attestatlar texnik rasmiylashtirish jarayonida buzib qo‘yilgan yoki boshqa holda yaroqsiz deb topilgan taqdirda OAK Raisi buyrug‘i bilan komissiya tuziladi. Komissiya a’zolari ishtirokida diplom va attestat blankalari yo‘q qilinib, dalolatnoma komissiya a’zolari tomonidan imzolanadi va OAK Raisi tomonidan tasdiqlanadi.

17. Fan doktori diplomi yoki ilmiy unvonlar attestati yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, manfaatdor shaxslar arizasiga quyidagilarni ilova qiladi:

ichki ishlar organining tegishli ma’lumotnomasi;

respublika gazetalarining birida diplom yoki attestatning yo‘qolganligi to‘g‘risidagi e’lonning nusxasi;

tegishli to‘lov bo‘yicha moliya tashkilotining kvitansiyasi;

diplom yoki attestatining nusxasi (mavjud bo‘lsa).

18. OAK Raisining yozma ko‘rsatmasi asosida mazkur xujjatlar va arxiv materiallarini tekshirish asosida diplomi yoki attestatini yo‘qotgan shaxsga ariza qabul qilib olingan kundan boshlab bir oy muddat ichida yangi tartib raqami qo‘yilgan dublikat beriladi.

19. Ilmiy daraja olganligi haqidagi diplomning nostrifikatsiyasi ham mazkur tartibda belgilangan qoidalar assosida amalga oshiriladi.

20. Diplom va attestatlar uchun tegishli to‘lov to‘langanligi to‘g‘risidagi moliya organi xujjatlari mas’ul bosh inspektor tomonidan tegishli ro‘yhat asosida dalolatnoma bilan OAK buxgalteriyasiga topshiriladi.

21. Diplom va attestatlar hamda ular bo‘yicha to‘lovlar yuzasidan OAK buxgalteriyasida tegishli hisob-kitob ishlari belgilangan tartibda amalga oshiriladi.