OAK sayti » Matbuot » Oliy attestatsiya komissiyasi Bosh ilmiy kotibi A.Daminovning Namangan muhandislik-texnologiya institutida “Intellektual yoshlar – fan va ta’lim” mavzusidagi seminar-uchrashuvda qilgan ma'ruzasi
 
13 iyun 2014

Oliy attestatsiya komissiyasi Bosh ilmiy kotibi A.Daminovning Namangan muhandislik-texnologiya institutida “Intellektual yoshlar – fan va ta’lim” mavzusidagi seminar-uchrashuvda qilgan ma'ruzasi

Kategoriya: Matbuot

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari,

Farg‘ona vodiysining iqtidorli yoshlari, hamkasblar!

 

Hammamizga yaxshi ma’lumki, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq Respublikamizda yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa iqtidorli yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ilmiy-ijodiy faolligini har tomonlama rag‘batlantirish borasida izchil siyosat olib borilmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 2012 yil 24 iyuldagi PF–4456-son Farmoni bilan mamlakatimizda 2013 yilning 1 yanvaridan boshlab umum qabul qilingan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq dissertatsiya himoya qilish va fan doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimini joriy qilinishi ham yuqoridagi fikrimizning yorqin dalilidir.

 

Hozirga qadar Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmon hamda Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 365-son qarori ijrosi yuzasidan qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

 

Bajarilgan ishlardan eng muhimlari quyidagilardan iboratdir:

 

«Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risidagi nizom», «Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom», «Ilmiy unvonlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom», «Malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom» va «Ekspert kengashi to‘g‘risidagi nizom»lar ishlab chiqilib, o‘rnatilgan tartibda tasdiqlandi va Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi;

 

OAK apparatining yangi tuzilmasi joriy etildi va uning me’yoriy-huquqiy hujjatlari zamon talablaridan kelib chiqqan holda qayta ishlab chiqildi;

 

Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 6 martdagi 65-son qarori bilan Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining yangi tarkibi tasdiqlandi va faoliyat ko‘rsatib kelmoqda;

 

31 tasi OTMlar huzurida, 9 tasi ITMlar huzurida faoliyat ko‘rsatuvchi jami 40 ta fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar tuzilib, ularning tarkiblari tasdiqlandi va faoliyati tashkil etildi;

 

har oyda fan doktori ilmiy darajasiga talabgorlarni ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqatini aniqlash bo‘yicha test sinovlaridan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi;

 

doktorlik dissertatsiyalari mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazish va “OAK Byulleteni” jurnalida e’lon qilish tashkil etildi;

 

umumilmiy va ixtisoslik fanlaridan malakaviy imtihonlar dasturlari tasdiqlanib, malakaviy imtihonlar qabul qiluvchi komissiyalar tarkiblari shakllantirildi;

fan doktori ilmiy darajasiga talabgorlar uchun malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tashkil etilib, birgina 2013 yil davomida ixtisoslik fanlari bo‘yicha 122 nafar, «O‘zbekistonning eng yangi tarixi» fani bo‘yicha 620 nafar, «Chet tili» fani bo‘yicha 778 nafar, «Matematik modellashtirish va matematik statistika asoslari» kursidan 569 nafar, «Iqtisodiyot nazariyasi» fani bo‘yicha 92 nafar, «Mustaqillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy negizlari va ilmiy asoslari» kursidan 155 nafar, «Umumiy pedagogika, pedagogika va ta’lim tarixi» kursi bo‘yicha 37 nafar tadqiqotchidan imtihon qabul qilindi;

 

doktorlik dissertatsiyasi haqida e’lon berilishi mumkin bo‘lgan respublika ahamiyatidagi gazetalar ro‘yxati tasdiqlandi;

 

fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar qoshida ilmiy seminarlar tashkil etilib, ularning tarkiblari tasdiqlandi;

 

oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasiga oid OAK idoraviy normativ-huquqiy hujjatlari ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi;

 

oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari pasportlari ishlab chiqildi va tasdiqlandi;

 

doktorlik dissertatsiyalarini dastlabki ekspertiza va approbatsiyadan o‘tkazish uchun etakchi tashkilotlar ro‘yxati belgilandi;

 

dissertatsiya ishlari ilmiy natijalari yuzasidan ilmiy maqolalar chop etilishi lozim bo‘lgan respublika va xorijiy ilmiy jurnallar ro‘yxatlari tasdiqlandi;

 

katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil tadqiqotchilar tomonidan o‘qishning 2-3-yillarida mustaqil ravishda o‘zlashtiriladigan fanlar ro‘yxatlari belgilandi;

 

davlat namunasidagi fan doktori diplomi hamda professor, dotsent va katta ilmiy xodim attestatlarining yangi nushadagi blanklari tayyorlandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF–4456-son Farmonida belgilangan vazifalar va talablarning to‘liq va so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining chora-tadbirlar rejasida (16.04.2014 y., № 07/1-502) oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, oliy ta’limning magistratura bosqichi bilan o‘zaro uzviylikni ta’minlash, shu maqsadda magistraturada ta’lim mazmuni va sifatini tubdan yaxshilash, magistrlik dissertatsiyalari sifatini ko‘tarish, Oliy attestatsiya komissiyasi hamda fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkillashtirishning normativ-huquqiy va tashkiliy-uslubiy asoslarini mustahkamlashga doir qator yangi vazifalar belgilab berildi. Bugungi kunda mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.

 

Tabiiyki, mazkur sohada amalga oshirilayotgan barcha islohotlar va tadbirlar, eng avvalo, aynan iqtidorli yoshlar manfaatlariga yo‘naltirilgan.

 

E’tiboringiz uchun katta rahmat! Endi Sizlarni qiziqtirgan savol  va masalalarni muhokama qilishga o‘tsak, marhamat. 

 

Ma'ruza matni: Intellektual-yoshlar-fan-va-talim-maruza.doc [29,5 Kb] (yuklashlar soni: 18)